Turkiston –Markaziy Osiyoning oʻrta asr tarixiy-geografik adabiyotlarda uchraydigan nomi. Manbalarda Turon va Turkiston atamalari oʻrnida qayd etilgan. 639-yil Turonda tuzilgan sugʻd hujjatida Oʻrta Osiyo mintaqasining nomi sifatida ishlatilgan. „Turkiston“ atamasi „Oʻrta Osiyo“ va„Movarounnahr“ nomlaridan farqli ravishda nafaqat geografik, balki etnogeografik tushunchani anglatib, shuningdek, siyosiy-huquqiy ahamiyatga ham ega boʻlgan. Arablar istilosidan soʻng „Turkiston“ toponimi oʻzining siyosiy-huquqiy maʼnosini yoʻqotmagan. Uning siyosiy sarhadlari Shimol va Sharqqa,Arab xalifaligi,Qarluq vaUygʻur xoqonliklari bilan chegaradosh boʻlgan yerlargacha yoyilgan. Ayni mana shu davlatlar endilikda Turkiston nomi bilan arab tarixchi-geograflari asarlarida (VIII-X asrlar) qayd etilgan. Markaziy Osiyoning markaziy va janubiy viloyatlari (Amudaryo vaSirdaryo oraligʻi) Movarounnahr deb atala boshlagan.
Qoraxoniylar davlati barpo etilishi bilan „Turkiston“ toponimining ahamiyati yana qayta oʻzining sobiq hududlari doirasida deyarli tiklanadi, uning janubiy sarhadlariAmudaryo bilan belgilanadi. „Movarounnahr“ atamasi esa, Turkistonning bir qismi sifatida, yaʼniQoraxoniylar, soʻngraXorazmshohlar,Chigʻatoiylar,Temuriylar vaShayboniylar davlatining bir qismi sifatida qarala boshlagan. Mahmud ibn Valnning yozishicha, „Turkiston – bu keng va koʻngilli yurtdir, bu yurtning uzunligiSayhun daryosining qirgʻogʻidan Qoramurun daryosi qirgʻogʻigacha boʻlib, bu yerni Moʻgʻuliston nomi bilan ataganlar“. Muallif Turkistonning yana bir nomi – buTuron va uning aholisiturklar deb yozadi. Shu davrdagi MoʻgʻulistonSharqiy Turkiston,Yettisuv vaOltoyni qamrab olgan. XIX asr oʻrtalarida Turkiston hududi (3 mln. kv. km dan ortiq) gʻarbdaUral togʻlari etagi vaKaspiy dengizi, sharqdaOltoy togʻlari vaXitoy, janubdaEron vaAfgʻoniston, shimoldaTomsk vaTobolsk gubernyalari bilan chegaradosh boʻlgan. Turkiston shartli ravishda Gʻarbiy (Qozogʻistonning janubiy qismi,Oʻzbekiston,Tojikiston,Turkmaniston hududlari), Sharqiy (Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni) va Afgʻon Turkistoni (Afgʻonistonning shimoliy qismi)ga boʻlingan.Rossiya imperiyasi bosib olgan Gʻarbiy Turkiston hududida 1867-yilTurkiston general-gubernatorligi tashkil qilingan. 1886-yildan rasman Turkiston oʻlkasi deb atala boshlagan.Oktabr toʻntarishidan soʻng, 1918-yil aprelda Gʻarbiy Turkiston hududidaTurkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (TurkASSR) tuzilgan. Shoʻro hokimiyati yagona va mustaqil Turkistonni qayta tiklash gʻoyasi tugʻilishidan xavfsirab 1924—25-yillarda shoshilinch sur’atda „Turkiston xalqlarining milliy davlat chegaralanishi“ deb atalmish tadbirni oʻtkazgan. Natijada, siyosiy ahamiyat kasb etgan „Turkiston“ atamasi sunʼiy ravishda isteʼmoldan chiqarilib, oʻrniga rasman„Oʻrta Osiyo“ geografik termini joriy qilingan.